Universitetimizda o’tkazilayotgan ochiq muloqotlar keng ommalashib bormoqda. Bizning an’anaviy muloqotlarimizda global va mintaqaviy muammolar, ularning yechimlari, barqaror rivojlanishga doir muhim masalalar muhokama qilinadi.
Navbatdagi ochiq muloqot 15-may kuni an’anaviy va onlayn shaklda tashkil etildi. Ma’ruzachimiz jahon bo’ylab inson huquqlari va tenglik targ’ibotchisi Gulnoz Mamarasulovadir.
Gulnoz Mamarasulova – filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori, Shvetsiyada joylashgan Markaziy Osiyo assotsiatsiyasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, huquq faoli. U taʼlimdagi gender tafovutlarini bartaraf etish, taʼlim va jamoat loyihalari orqali aholining zaif qatlamlari, shu jumladan nogironlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun taʼlim va kasb-hunar taʼlimining barcha darajalaridan teng foydalanish imkoniyatini taʼminlash mavzulari ma’ruza qildi.
Gulnoz Mamarasulova mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol, xalqaro ekspert va kuzatuvchi sifatida ko’plab jarayonlarda ishtirok etgan. Shuning uchun ham bu galgi muloqotga aynan uni taklif etdik.