Shvetsiyada ministrlar, deputat yoki hokimlar qanday ishlashi haqida bilishni istaysizmi? Shvetsiya qanday boshqariladi? Mahalliy hokimiyat idoralari qanday ishlaydi? Agar shunday masalalar Sizni qiziqtirsa, endi savollaringizni Shvetsiyadagi ministr, deputat yoki hokimlarga berish imkoniyati sizda mavjud.
Bugundan “Shved siyosatchilariga savol” nomli loyihamizni boshlaymiz. O’zbekistonliklar yoki xorijdagi vatandoshlarimiz savollariga javob berishni, taniqli shved siyosatchisi Lars Leyonborg (Lars Leijonborg) boshlab beradi.
Lars Leyonborg 20 yildan ortiq Shvetsiya parlamenti – Riksdag deputati bo’lgan. 10 yil davomida Shvetsiya Xalq (hozirda Liberallar) partiyasining rahbari lavozimida ishlagan. U rahbarlik qilgan partiya va koalitsiya saylovda g‘olib bo’lib, hokimiyatga kelgan vaqtida, Lars Leyonborg Maorif vaziri, keyinchalik Oliy ta’lim va tadqiqotlar vaziri (2006-2009 yillar) bo’lib ishlagan. Hozirda turli xil kengashlarning boshqaruvi a’zosi, yozuvchi va maslahatchi sifatida faol.
Savollaringizni Lars Leyonborgga turli shakllarda, yozma yoki video tarzida berishlaringiz mumkin. Video shaklda berilgan savollarga Lars Leyonborg video orqali javob beradi. Barcha shakldagi savollarni Vakolatxonamizning Facebook sahifasidagi (https://www.facebook.com/acarouz/) mazkur e’lonning izohlar qismida qoldirishingiz yoki messendjer orqali yo’llashingiz mumkin.
Savol yo’llashning oxirgi muddati – 12 fevral, 2021 yil. Barcha savollarni to’plab va tarjima qilgach, Lars Leyonborgga topshiramiz va u Sizni qiziqtirgan masalalarga yozma yoki video shaklida javob beradi.Shvetsiya Qirolligida joylashgan «Markaziy Osiyo Uyushmasi» Jamiyatining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi