“Rossiya inson huquqlari borasida tobora cho‘kib bormoqda” — faollar Rossiyada migrantlarga nisbatan qilinayotgan noinsoniy munosabat haqida (1-qism)
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida huquqni himoya qilish organlari xodimlari qurilish obyektlarining birida reyd o‘tkazgani va Markaziy Osiyodan borgan ishchilar o‘rdaksimon usulda yurishga majburlagani holati shu kunlarda tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, tarmoqlarning o‘zbek segmentida Rossiyada inson huquqlari qo‘pol tarzda poymol qilinishi odatiy holga aylangani va migrantlarga nisbatan qilingan navbatdagi shunday munosabatga nisbatan kuchli norozilikni sezish mumkin. Hozirgacha holat yuzasidan O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha komissari Tatyana Moskalkovaga murojaat yuborgani ma’lum.
Demokrat.uz muxbiri ayni vaziyat, holat yuzasidan O‘zbekiston hukumati harakatlari va kelgusida ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar bo‘yicha qator faollar fikri bilan qiziqdi.
“Bu nafaqat inson qadr-qimmatini kamsitish, balki shafqatsizlik va sadizm hamdir” – Gulnoz Mamarasulova
Shvetsiyada joylashgan “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova Rossiyada muhojirlarga nisbatan qilinayotgan bu kabi qo‘pol munosabaltarni inson huquqlarining ochiq-oshkora, qasddan poymol qilinishi deya izohladi.
“Bu migratsiyadagi mehnatkashlarga nisbatan o‘ta tahqirli va kamsituvchi holat. Bu nafaqat inson qadr-qimmatini kamsitish, balki shafqatsizlik va sadizm hamdir. Huquqni muhofaza qilish organlarining bunday noqonuniy xatti-harakatlarini shunchaki kuzatib bo‘lmaydi, ularni qat’iyan qoralash kerak.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘layotgan ushbu voqea Rossiyadagi migrantlar qanday kamsitish va ta’qiblarga uchrayotganidan yana bir bor dalolat berdi. O‘zbekistonlik mehnatkashlar ham boshqa migrantlar kabi Rossiyaga o‘zlari va oilasi uchun yaxshi sharoit yaratish maqsadida boradi.
Odatda ular og‘ir ishlarda kam maosh evaziga ishlab, katta ehtimol bilan ish beruvchilar tomonidan doimiy ravishda ekspluatatsiya va mehnat huquqlari poymol bo‘lish (oyliklarni vaqtida to‘lamaslik, qo‘shimcha ish soatlari uchun tovon puli yo‘qligi, hayot uchun xavfli ishlar va xavfsizlik choralari yo‘qligi va hokazo) xavfi ostida yurishadi. Hattoki, huquq-tartibot idoralari tomonidan ularning kamsitilayotgani azobiga ikki karra azob qo‘shishi tayin”, – dedi Mamarasulova.
Huquq faoliga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni o‘z fuqarolari – o‘zbek muhojirlarining huquqlari va xavfsizligini ta’minlashi, shuningdek, bo‘layotgan kamsitish hamda ta’qiblardan himoya qilish choralarini ko‘rishi kerak.
“Hukumat Rossiyadan bu voqeani tergov qilishni va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilishi kerak. Shuningdek, Rossiya bilan mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha shartnoma tuzish orqali migrantlar huquqlari himoyasiga ham qisman erishish mumkin, deb o’ylayman”, deya mulohazalari bilan o’rtoqlashdi Gulnoz Mamarasulova.
“Migrantlarni muammolardan davlat himoya qilishni o‘rganguncha jamiyatimiz charchab qolmasligi kerak” – Zarnigor Omonullayeva
Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Zarnigor Omonullayeva tarqalgan videolar yuzasidan munosabat bildirarkan, holatni noinsoniy ekani va unga qo‘yganlar Rossiya qonunchiligi bo‘yicha ham jinoyat qilishgani haqida gapirdi.
“Videoda Rossiya Jinoyat kodeksining 286-moddasi bo‘yicha mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik holatlari borligi e’tiborimni tortdi. Holatga o‘z vaqtida tegishli munosabat berilmagani barchada savollarni ko‘paytirdi. Videodagi migrantlar orasida Qirg‘iziston fuqarolari aniqlangani sabab, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi voqeaga munosabat bildirgani juda katta ish bo‘ldi. Shu sababli boshqa davlat fuqarolari ham o‘sha tergovda tahqirlangan bo‘lsa, ularni bu holatga tushishga majbur qilgan noprofessional xodimlar javobgarlikka tortiladi, bunga shubha yo‘q.
Chunki Qirg‘izistonning yuqori boshqaruvi munosabati voqeaga yanada katta shov-shuv berdi va bu holat Rossiyaning eng yuqori kabinetlariga yetib borgan. Buni mansabdorlarning munosabati orqali bilishimiz mumkin. Faqat muammo mavzu aynan bir holatning o‘rganilishi bilan unutilib ketilayotgani yaxshi emas. Agar tizimli ravishda muhojirlarga qilinadigan noinsoniy munosabat va tahqirlash bo‘yicha huquqiy islohotlar olib borilsa, haqiqatdan xursand bo‘lardik.
Hozir Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston ham Rossiya uchun sanksiyalar tufayli og‘ir iqtisodiy sharoitda do‘stona munosabatni saqlab kelayapti. Do‘stlar orasida esa tenglik bo‘lishi kerak. Shuning uchun O‘zbekiston ham fuqarolariga nisbatan tahqirlangan va noinsoniy munosabat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilsa to‘g‘ri bo‘lardi.
Hozircha xorijdagi fuqarolarining himoyasi bo‘yicha O‘zbekistonning tajribasi juda sayoz, afsuski. Qo‘shni davlatlar bu yo‘nalishda ancha tez o‘sishayapti. Munosabat bildirib, qonuniy chora ko‘rilishini so‘rash va bunday mavzularda tergov hamda surishtiruvlarga e’tiborli bo‘lish davlatning sha’nini tushirmaydi, aksincha imijini yaxshilaydi”, – deydi Omonullayeva.
Mutaxassisning qayd etishicha, o‘zbekistonliklar orasida va xususan yuqori lavozim egalarida haligacha xorijga ketganlarga yaxshi munosabat shakllanmagani boshqa qator muammolarning ham asosi bo‘lib qolmoqda. Ularning huquqlari, majburiyatlari, muammo va masalalariga ortiqcha yuklama, ortiqcha vazifadek qarash bor.
“Menimcha, migrantlarning qanchalik og‘iri tushmasa, hokimiyatdagilarga shuncha yaxshi. Chunki migrantlar Vataniga, ishlayotgan joyiga keltiradigan foyda haqida ko‘p gapirilmaydi. Ularga bechoralardek qarash bor, yoki og‘iri tushayotgandek. Vaholanki, ikkala tipdagi munosabat ham xato. Lekin o‘zbek jamiyatining keskin va faol munosabatidan keyin amaldorlar ham muammoga e’tibor qaratishlarini unutmaslik kerak.
Shuning uchun himoya masalasida hokimiyat vakillari uyg‘onib, huquqiy chora ko‘rilishini so‘rashni o‘zlariga ep ko‘rib, qo‘shni mamlakatlar tajribasini o‘rganib, o‘zbekistonliklarni himoya qilish odat tusiga kirguncha jamiyatimiz migrantlar muammolariga ko‘z yummasliklari kerak. Bir fenomen bor — muammodan odam tez charchaydi, ayniqsa birovning muammosidan. Migrantlarni muammolardan davlat himoya qilishni o‘rganguncha jamiyatimiz charchab qolmasligi kerak”, – deydi Zarnigor Omonullayeva.
“Migrantlar masalasiga parlamentning e’tiborsiz munosabati achinarli” – Obidjon Latipov
Jamoatchilik faoli Obidjon Latipov Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan salbiy fikrdaligini ta’kidlarkan, bu nafaqat qaysidir davlatning qonunchiligi nuqtai nazaridan, balki xalqaro inson huquqlari me’yorlariga ham to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
“Rossiyaning ham, O‘zbekistonning ham qonunchiligi bo‘yicha inson huquqlari himoyalanishi kerak. Qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan, ijtimoiy kelib chiqishi, faoliyat turi, huquqiy maqomidan qat’i nazar inson huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Bu qadriyalar esa barcha davlatda hurmat qilinishi shart. Afsuski, muhokamadagi holatlar birinchisi emas, inson huquqlari buzilishi rasmiylar tomonidan tez-tez kuzatiladi. Bunga munosabatimizni qat’iylashtirishimiz kerak”, – dedi u.
Latipovning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi holatlarning tez-tez takrorlanayotganiga O‘zbekistondagi mas’ul tashkilotlarning, masalan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Tashqi ishlar vazirligining ko‘pda qat’iy pozitsiya bildirmasligi ham sabab bo‘lmoqda.
“Shuningdek, migrantlarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bizdagi Yoshlar ishlari agentligi va uning huzurida Yoshlar muammolarini o‘rganish instituti mavjudligiga qaramasdan yoshlarning mana shunga o‘xshagan og’riqli muammolari bor. Va ularni hal qilishda mazkur tashkilotlarning o‘rnini ko‘rmayapmiz.
To‘g‘ri, Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati Rossiyaga borib, migrantlar bilan ko‘rishib kelmoqda. Ammo bu uchrashuvlarda migrantlarga aynan qanday yordam berilgani-yu, qanday muammolar hal qilingani borasida ma’lumot olganimiz yo‘q.
Shuningdek, xalqning ovozi, uning vakillari – Oliy Majlis qonunchilik palatasi va Senatning migrantlar bilan bog‘liq muammolarga biror munosabat bermasligi, bu kabi masalalarni ko‘tarmasligi achinarli. Chunki xalq irodasini namoyon etuvchi organning dolzarb masalalarga kelganda sukut saqlashi ushbu organning bor yoki yo‘qligini savol ostiga oladi. Mana shu masalarlarda parlament uyg‘onishi kerak va jiddiyroq munosabatlarni, qattiqroq talablarni qo‘yishi kerak”, – dedi Obidjon Latipov.
“Rossiya inson huquqlari masalasida tobora pastlab bormoqda. Bundan keyin vaziyat yana-da yomonlashadi” – Bahodir G‘aniyev
Toshkent shahridagi xususiy maktab direktori Bahodir G‘aniyev Demokrat.uz bilan suhbatda Rossiyaning oxirgi yillarda inson huquqlari ta’minlanishi borasida tobora pastlab borayotgani va bu jarayon yana-da yomonlashashishini ta’kidladi.
“Rossiya-Ukraina urushi tufayli demokratiyadan uzoqlashish, inson huquqlarining himoya qilish mehanizmlarining buzilishi, nafaqat migrantlarga, balki Rossiya fuqarolariga ham ta’sir qilmoqda. Birinchi navbatda, mayda millatlarga nisbatan bunday holatlar kuzatilmoqda. Yaqinda Boshqirdistonda inson huquqlari himoyachisini 4 yilga qamashdi, odamlar esa miting qilishgan. Ularni kuch ishlatib tarqatishgan. Bundan tashqari Rossiyada millatchilik juda kuchli. Shu sababli buni hayron qolarli joyi yo’q. Rossiyaga ketayotgan yurtdoshlarimizni inson huquqlari himoya qilinadigan davlatga yuborish choralarini ko‘rish kerak.
O‘zbekistonning bu jarayondagi juda yumshoq munosabatiga kelsak, buni tushunsa bo‘ladi. Hukumat yalqovligidan bu tariqa ish tutayotgani yo‘q. Mamlakatimiz siyosiy jihati ham, iqtisodiy jihati ham Rossiyaga bog‘liq. Shuning uchun qat’iy harakat qilishdan amaldagi hokimiyatimiz qo‘rqadi. Iqtisodiy sababini aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligi migrantlarimizning puliga muhtoj. Agar biz hozir qandaydir qat’iy choralarga boradigan bo‘lsak va Rossiya migrantlarimizni chiqarib yuborsa, 4 million ishsiz aholi qaytib keladi. Bu degani ularning daromadidan ham quruq qolamiz. Qozog‘iztonni olaylik, ular har qanday holatda Rossiyaga qarshi chora ko‘rishdan qo‘rqmayapti. Chunki ular iqtisodiy jihatdan barqaror davlat. Shu nuqtai nazardan hokimiyatning jimligini tushunsa bo‘ladi, lekin buni oqlamayman”, – dedi faol.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyada bundan keyin ham migrantlarni kaltaklash, besabab qamoqqa olishlar kuchayib boraveradi.
“Ammo bunga qarshi biz hech nima qilolmaymiz. Bitta nota bilan ham hech narsa o‘zgarmaydi. Rossiyada ham O‘zbekiston bizga nota yuboribdi, bo‘ldi endi, o‘zbek migrantlariga hurmat bajo keltiramiz, deyishmaydi, bu yosh bolacha fikrlash. Nota bilan biz, shunchaki, bir chekkada akkillagan itga o‘xshab qolaveramiz”, – dedi G‘aniyev.
U fikrlarini xulosalar ekan, bugungi vaziyatda hukumat ko‘rishi kerak bo‘lgan eng muhim choralarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Xo‘p, hozir qilishimiz kerak bo‘lgan eng asosiy ish nima? Fikrimcha, Rossiya mehnat bozoridan voz kechib, yurtdoshlarimizni rivojlangan va tuzumi demokratik bo‘lgan, inson huquqlari poymol qilinmaydigan davlatlarga joylashtirish kerak. Va bundan ham keyingi ish mehnat migratsiyasidan voz kechib, iqtisodiyotimizni oyoqqa turg‘izib, fuqarolarimizni o‘zimiz ish bilan ta’minlashimiz kerak. Va bu ham 40-50 yillik reja, albatta”, dedi Bahodir G‘aniyev.
“Kremlga haqiqiy demokratik kuchlar, insonparvar rahbarlar kelmas ekan, tirikchilik g‘amida Rossiyada yurgan yurtdoshlarimizga bo‘lgan munosabat aslo yumshamaydi” – Shokir Dolimov
Nafaqadagi harbiy, tarjimon Shokir Dolimov migrantlarga bo‘lgan noinsoniy munosabatlar haqida gapirarkan, buni Rossiyadagi bugungi tuzum, vaziyat bilan bog‘ladi.
“Kreml rahbarligidagi huquqni muhofaza qilish idoralarining Markaziy Osiyolik mehnat muhojirlariga bo‘lgan bunday tahqirli munosabati Rossiya aholisining muayyan qismi, xususan, Putinning ta’biri bilan aytganda “gosudarstvoobrazuyushiy”, ya’ni davlatning asosiy o‘zagini tashkil etadigan toifasi azaldan “odamsevmas” toifa ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi.
Shunday ekan, toki Kremlga haqiqiy demokratik kuchlar, insonparvar rahbarlar kelmas ekan, tirikchilik g‘amida Rossiyada yurgan yurtdoshlarimizga bo‘lgan munosabat vahshiylashsa vahshiylashadiki, aslo yumshamaydi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston hukumati tegishli choralar ko‘rayotganiga shubha yo‘q. Biroq hukumatimiz o‘z an’anasiga sodiq qolib, bu borada qilayotgan ishlari haqida jar solishga ehtiyoj yo‘q, deb topayotgan bo‘lishi mumkin”, – dedi zahiradagi polkovnik Shokir Dolimov.
Ilyos Safarov va Feruza Omonboyeva tayyorladi
https://demokrat.uz/2024/01/24/rossiya-inson-huquqlari-borasida-tobora-chokib-bormoqda-faollar-rossiyada-migrantlarga-nisbatan-qilinayotgan-noinsoniy-munosabat-haqida-1-qism